Ishonch telefoni
Bosh sahifa » Қоррупцияга қарши курашиш » Korrupsiyaga qarshi butun jamoatchilik bilan kurashishimiz zarur

Korrupsiyaga qarshi butun jamoatchilik bilan kurashishimiz zarur

17-12-2024, 16:20
22
“Korrupsiyaga qarshi butun jamoatchilik bilan kurashishimiz zarur”
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat MIRZIYOYEV

        Keyingi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida muhim tashkiliy huquqiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Aholining huquqiy ongi va madaniyatini oshirishga, jamiyatda korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirishga yo'naltirilgan tizimli choralar ko'rilmoqda.
        Prezidentimizning bevosita tashabbusi bilan mamlakatimizni yanada rivojlantirish, xalq farovonligini taʼminlash va inson qadrini oshirish borasida tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.
        Taraqqiyotning yangi bosqichida O'zbekiston uchun korrupsiyaning har qanday shakldagi ko'rinishi islohotlar shiddatini va samarasini susaytirishi mumkin bo'lgan illat hisoblanadi.
        2023-yil 19-dekabr kuni Toshkent shahridagi Xalqaro kongresslar saroyida o'tkazilgan xalqaro tadbirda Prezidentimiz korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida yuksak xalqaro mukofotni topshirish marosimida, davlat idoralari faoliyatining shaffofligi va hisobdorligi yanada oshirish, korrupsiya holatlari bo'yicha “dastlabki o'rganish” – korrupsion surishtiruv institutini joriy etish kabi tashabbuslarni ilgari surdi.
        Shuningdek, joriy yilning 20-dekabr kuni Toshkent shahridagi IT-Park majmuasida o'tkazilgan kengaytirilgan selektor yig'ilishida Davlat rahbari jahon iqtisodiyoti shiddat bilan o'zgarib borayotgan sharoitda hech bir sohani raqamli texnologiyalarsiz tasavvur qilib bo'lmasligini bildirib, “Raqamlashtirishdan bosh tortayotgan rahbar – korrupsiyani yo'q qilishga intilmagan rahbar” deb taʼkidladi.
        Shu sababli, Yangi O'zbekistonda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida xalqimizning farovonligini yanada oshirish, inson huquqlari va manfaatlarini so'zsiz taʼminlash hamda faol fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan islohotlar doirasida barcha sohalarda korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish muhitini shakllantirish talab etiladi.
        Hujjatlar almashinuvida inson omilining aralashuviga yo'l qo'ymaslik, bunda elektron hujjat aylanishini taʼminlash maqsadida innovasion texnologiyalarni joriy etgan holda “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi ishga tushirildi. 
        Davlatimiz rahbarining “Qurilish sohasiga axborot-kommunikasiya texnologiyalarini keng joriy etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori asosida amalga oshirilgan ushbu loyiha bilan qurilish obʼektlarini rekonstruksiya qilish, loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash, ekspertiza va nazorat to'liq raqamlashtirildi.
 
        Jumladan,  “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida “Loyiha-smeta hujjatlari ekspertizasi” axborot tizimlari faoliyati yo'lga qo'yildi.
       “Loyiha-smeta hujjatlari ekspertiza xulosalari” elektron reestri, “Qurilish sohasida davlat xizmatlari” platformasi axborot tizimlari ishlab chiqildi. 
       “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi doirasida ishlab chiqilgan axborot tizimlari boshqa davlat organlarining axborot tizimlari va maʼlumotlar bazalari bilan integrasiya qilindi.
        Qurilish sohasida davlat xaridlarida ochiqlikni taminlash va korrupsiyaviy xavf-xatarlarni kamaytirish bo'yicha elektron reyting hamda elektron tender platformalari joriy etildi.
Bugungi kunda vazirlikning raqamlashtirish yo'nalishida “Qurilish sifati nazorati”, “Loyiha-smeta hujjatlari ekspertizasi”, “Ogoh fuqaro”, “Geoportal”, “Qurilish materiallari klassifikatori” kabi axborot tizimi joriy etilgan.
        Hozirda “Qurilishdagi nazorat” tizimi orqali respublika bo'yicha 33 ming nafardan ziyod foydalanuvchi nazorat faoliyatini yuritmoqda. 
        Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida qishloq xo'jaligiga mo'ljallanmagan bo'sh turgan yer uchastkalari tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun faqat “e-ijro auksion” savdo maydonchasida elektron onlayn-auksion orqali berilishi yo'lga qo'yildi. 
        Shuningdek, korrupsion holatlari oldini olish va ularni bartaraf etishning eng muhim jihatlaridan biri boshqaruv tizimida “inson omili”ni kamaytirish uchun davlat va jamiyat boshqaruviga axborot-kommunikasiya texnologiyalarini keng joriy etishdir.
        Shu maʼnoda, vazirlik tomonidan sohani raqamlashtirish, kommunal to'lovlar tizimi shaffofligini taʼminlash maqsadida “Mening uyim” billing tizimi ishlab chiqilgan bo'lib, unda ko'p kvartirali uylardagi aholining majburiy badal to'lovlarini elektron shaklda to'lash va o'z navbatida yurtdoshlarimiz tomonidan boshqaruv tashkilotlarining moliyaviy   xarajatlarini onlayn kuzatib borish imkoniyati yaratildi.
        Vazirlik tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida profilaktik tadbirlar, xususan, xodimlar bilan tushuntirish ishlarini amalga oshirish, suhbatlar o'tkazish, targ'ibot ishlarini amalga oshirish kabi keng ko'lamli ishlar amaga oshirilib kelinmoqda.
        Vazirlikning  markaziy apparati, uning hududiy bosh boshqarmalari hamda tasarrufidagi korxonalari xodimlarining qonunchilikka zid xatti-harakatlari yoki harakatsizliklarining guvohi bo'lsangiz yoki xodimlarning korrupsiya va boshqa huquqbuzarlik holatlariga aloqadorligi yuzasidan maʼlumotlarga ega bo'lsangiz, vazirlikning (71) 2101104 (1066) raqamli ishonch telefoni yoki ushbu aloqa kanallari t.me/Qurilish_Komplayens_bot telegram boti va rasmiy mc.uz veb-sayti orqali o'z murojaatingizni yo'llashingiz mumkin.
        Ushbu murojaatingiz qonunchilikda belgilangan tartib va muddatlarda ko'rib chiqiladi hamda tasdiqlangan korrupsion holatlar bo'yicha keskin qonuniy choralar ko'riladi.
        O'z navbatida, vazirlik tizimida mehnat qilayotgan har bir rahbar va xodimni korrupsiya holatlarining har qanday ko'rinishlariga nisbatan murosasiz munosabatda bo'lishga hamda o'z xizmat vazifalarini halol va xolis bajarishga yana bir bor chaqiramiz.
Sh.Xidoyatov
O'zbekiston Respublikasi 
                Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi vaziri

Ctrl
Enter
Xatoligni aqniqladingizmi?
Matnni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing.